Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jurnalistlari Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Ili-Qozoq avtonom viloyati bo‘ylab press-tur o‘tkazishmokda.
Tadbirning ikkinchi kuni ham Chin diyorining ajoyib tarixiy manzillarida bo‘ldik, ta’lim muassasasi va nashriyot bilan tanishdik. “Chapchal Serkin” gazetasi tahririyati faoliyati hamkasblarimizda iliq taassurot qoldirdi.
1946 yil Sibo muxtor okrugi Chapchal qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur gazeta sibo tilida chop etiladigan dunyodagi yagona nashr hisoblanadi. Hozir ushbu millatga mansub aholi soni 20 mingdan ziyodroq ekan. Ular o‘z millatning madaniyati, anana va urf odati, ayniqsa tilini saqlab qolishga alohida etibor qaratishadi. “Chapchal Serkin” ham shu maqsadda tashkil etilgan.
– Gazetamiz milliy madaniyatning bebaho xazinalaridan biri, – deydi nashr direktori Chjao Szinsyuy. – Dolzarb siyosiy yangiliklar, qishloq xo‘jaligi, fan-texnika, adabiyot va san’at sohalaridagi muhim mavzular muntazam yoritib boriladigan nashrimiz Shinjon, Pekin, Shenyang, Yili kabi mintaalardagi manjur tilli aholiga tarqatiladi. Shu bilan birga, sibo tilillari ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga ham yetkaziladi.
Press-tur davomida mehmonlarga tahririyat va bosmaxonadagi tarixiy qurilmalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Hovlida tashkil etilgan mo‘’jazgina, ochiq osmon ostidagi muzey bo‘ylab sayohat uyushtirildi.
Shundan so‘ng Chapchal uyezdida joylashgan kamondan o‘q otish maktabiga bordik.
Ushbu sport turi bo‘yicha mamlakatdagi asosiy bazalar ro‘yxatiga kiritilgan maskanda 50 ga yaqin havaskor sportchi bilan birga tajribali kamonchilar ham shug‘ullanisharkan. Ularga mahoratli murabbiylar saboq berishadi.
Shu kuni OAV xodimlari Sibo qadimiy shaharchasiga ham tashrif buyurdi. Chapchal okrugi Sunszaji Nui Lu shahrida joylashgan qadimiy kentda sibo xalqnining qadimiy urf-odati, tarixi, madaniyati, san’ati, okrugning turli etnik guruhlari milliy qadriyati aks ettirilgan muzey ochilgan. Eksponatlar mahalliy etnik xalkning kelib chiqishi, mard, jangovar qahramonlar, botirlar turmush tarzidan “so‘zlaydi”, go‘yo.
Qayd etilishicha, kamon yasash va kamondan o‘q otish bilan sibo xalqi qadim zamonlardan hozirga qadar muntazam shug‘ullanib keladi. Shu bois tarixiy shaharchada kamonchilikka alohida urg‘u berilgan. Muzey ashyolari orasida dunyodagi eng ulkan kamon ham joy olgani etiborimizni tortdi.
Tarixiy shahar bo‘ylab uyushtirilgan ekskursiya davomida namoyish qilingan Sibo xalq milliy kuylari, sahnalashtirilgan lavhalar mehmonlarga o‘zgacha taassurot baxsh etdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
Xitoy, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni