Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” yigirma oltinchi va “Energetika, energiya tejamkorligi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2024” o‘n yettinchi xalqaro ko‘rgazmalari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmalarda dunyoning 29 ta davlatidan 450 ta ishlab chiqaruvchi kompaniyaning yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga oid zamonaviy uskunalari va texnologiyalari taqdim etilmoqda.

Qayd etilganidek, ushbu tadbirlar Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkorlari “ICA Eurasia Group”, “Congresses of Central Asia – CCA” kompaniyalari hamkorligida o‘tkazilmoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonovaning so‘ziga ko‘ra, “O‘zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko‘rgazmasi 1997 yildan buyon tashkil etiladi.

– Shuni ta’kidlash kerakki, yoqilg‘i-energetika sektori har qanday mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va farovonligida muhim hisoblanadi. Shu sababli, ushbu “OGU 2024” ko‘rgazmasida neft va gaz sanoatida tobora ko‘proq foydalanilayotgan zamonaviy uskunalar, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar namunalari keng namoyish etilmoqda. Masalan, Germaniya milliy stendida 7 ta kompaniya, Italiya – O‘zbekiston savdo palatasi CIUZ boshchiligida Italiyaning 15 ta kompaniyasi ko‘rgazmada keng ko‘lamli mahsulotlar to‘plamini taqdim etayotir. Rossiya Federatsiyasi ishlab chiqaruvchilarining jamoaviy stendidan kompressor uskunalari, “polipropilen-po‘lat” turidagi kombinatsiyalangan arqonlar, yuk ko‘tarish mexanizmlari va olinadigan yuk ko‘tarish moslamalari, gaz oqimini o‘lchash moslamalari, innovatsion yong‘inga qarshi uskunalar kabi mahsulotlar o‘rin olgan. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Arena It Trade”, “Asman Energy”, “Imeter”, “Prista Trading And Packaging” singari mahalliy korxonalar ham o‘z imkoniyatlarini namoyon qilmoqda, – dedi O.Bobojonova.

Ta’kidlash kerakki, dunyo bo‘yicha energetika sohasi barcha tizimlarda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi vaqtda “toza energiya”ning asosi – “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish bo‘yicha global miqyosda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur jarayonlar mamlakatimizda faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2030 yilga kelib, ishlab chiqarishning umumiy hajmidagi QTEM ulushini hozirgi 10 foizdan 25 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, mavjud energetika ob’ektlarini zamonaviylashtirish, ularni diversifikatsiyalash va texnologik yangilash ishlari olib borilmoqda. Yuqoridagi omillar mamlakatning energetik mustaqilligiga erishish va iqtisodiyot va aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

Ayni shu talablardan kelib chiqib, an’anaviy tashkil etilayotgan “Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2024” va “Yashil energetika texnologiyalari – GETCA 2024” ko‘rgazmalari sanoat rivojida muhim o‘rin tutadi. Ular an’anaviy va muqobil energiya uchun innovatsiyalar hamda eng zamonaviy texnologik yechimlarni taqdim etadi.

“Power Uzbekistan 2024” mintaqadagi energetika sohasining yetakchi ko‘rgazma tadbiri sifatida o‘tgan yillardagi ko‘rsatkichlardan yanada oshib, o‘z maydonida sanoatning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jamladi. Jumladan, Koreya Respublikasi milliy stendida quyosh ko‘cha yoritgichlarini, quyosh issiqlik kollektorini, energiyani boshqarish tizimini, rezina ko‘pikli izolyatsion materiallarini, yig‘ma-tortma quyosh energiyasini ishlab chiqarish moslamalari, Turkiya milliy stendida biomassada ishlaydigan elektr stansiyalari, bug‘ qozonlari, termal moyli qozonxonalar, elektr energiyasini taqsimlash tizimlari, benzin, dizel, tabiiy gaz va kema generatorlari uchun yuqori samarali yechimlar, Indoneziya milliy stendida kabel mahsulotlari, energiya uskunalari namoyish etilmoqda. Mahalliy kompaniyalar stendida esa transformatorlar, mis va alyuminiydan tayyorlangan kabel o‘tkazgichlarini ishga tushirishgacha bo‘lgan keng majmuaviy yechimlari havola qilinmoqda.

– Ushbu ko‘rgazmada muntazam qatnashib kelamiz, – dedi Samarqanddagi “Texnouz” kompaniyasining dasturchi-muhandisi Temur Soqiyev. – Bu bizga xalqaro ishlab chiqaruvchilar faoliyati bilan tanishish barobarida, hamkorlar topishga ham yordam beradi. 15 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyamiz yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun zarur uskunalar ishlab chiqaradi.

Ko‘rgazmalar 16 may kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri