Joriy yilning 24-iyulidan 10-avgust kuniga qadar Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaning futbol musobaqasida ishtirok etadigan qariyb barcha terma jamoalar nomi aniq bo‘ldi.

Mazkur musobaqada to‘rttadan jamoa xuddi shuncha guruhga bo‘lingan holda turnir g‘olibligi uchun kurash olib boradi.

Qatarda yakuniga yetgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogidan so‘ng qit’amizning Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan uchta terma jamoasi nomi aniq bo‘ldi. Musobaqa natijasiga ko‘ra Yaponiya termasi “D” guruhidan, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi “C” guruhidan, turnirning bronza medali sohibi Iroq esa “B” guruhidan joy oldi. To‘rtinchi o‘rinni egallagan Indoneziya esa Olimpiadaga chiqish uchun Afrika kubogida 4-o‘rinni egallagan Gvineya termasiga qarshi 9-may kuni qit’alararo pley-offda maydonga tushadi. Bir martalik o‘tadigan mazkur o‘yinda g‘olib bo‘lgan jamoa Olimpiadaga chiqadi.

Shu tariqa, to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiri bo‘lgan Olimpiya o‘yinlari futbol musobaqasida guruhlar quyidagicha ko‘rinish oldi:

«A» guruh – Fransiya, AQSH, Indoneziya yoki Gvineya, Yangi Zelandiya;

«B» guruh – Argentina, Marokash, Iroq, Ukraina;

«C» guruh – O‘zbekiston, Ispaniya, Misr, Dominikan Respublikasi;

«D» guruhi – Yaponiya, Paragvay, Mali, Isroil.

Ma’lumot o‘rnida, Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogida Malayziyani 2:0, Quvaytni 5:0, Vetnamni 3:0, Saudiya Arabistonini 2:0, Indoneziyani 2:0 hisobida yengdi va mamlakatimiz futbol tarixida ilk marotaba Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdi. Afsuski, finalda Yaponiya termasiga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Endi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi «Parij-2024» musobaqasida «S» guruhida ishtirok etadi. Mazkur guruhdagi ilk o‘yinimiz 24-iyul kuni Ispaniya termasiga qarshi o‘tadi. Ikkinchi tur esa 27-iyul kuni Misrga qarshi o‘tsa, 30-iyul kuni Dominikan Respublikasi bilan uchinchi turda raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA