Mamlakatimiz dzyudochilari shu kunlarda Ozarbayjon va Tojikistonda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda munosib natijalarga erishmoqda.
Ozarbayjonning Gyoygyol shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Yevropa kubogi-2024 musobaqasining ilk kunida mamlakatimiz vakillari oltin va bronza medallariga ega chiqdi.
14 ta mamlakatning 323 nafar sportchisi ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning dastlabki kungi bellashuvlarida -60 kilogramm vaznda kurash olib borgan Bahrom Asatov barcha raqiblarini yengib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Shodiyor Shavkatovga (-50) esa bronza medali nasib etdi.
Bevosita bellashuvlar jarayoniga to‘xtaladigan bo‘lsak, Shodiyor Shavkatov ilk davrada mezbonlar vakili Ibrohim Rezazadeni mag‘lub etdi. Chorak finalda neytral maqomda kurashgan Nart Naguchevga yutqazib qo‘ydi. Bronza medali yo‘lidagi o‘tish bellashuvlarida gruziyalik Borisi Chaduneli hamda ozarbayjonlik Ali Azimlidan ustun keldi. Bronza medali uchun kechgan bahsda fransiyalik Aksel Kukdan kuchli ekanini namoyish qildi.
Bahrom Asatov birinchi davrada gruziyalik Tsotne Ichkitidze, ikkinchi bosqichda sloveniyalik Gal Blazich, 1/4 finalda ozarbayjonlik Mirhalig Iskandarov, 1/2 finalda gruziyalik Gigi Kekviashvili, finalda ozarbayjonlik Farid Garayevni yengdi.
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tayotgan «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnirning kecha poyoniga yetgan bahslarida hamyurtimiz Muhammad Jumayev 73 kg. vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning ikki kunlik natijalariga ko‘ra, 2 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega bo‘lgan Avstriya terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda, 2 oltin medalli Shveysariya terma jamoasi ikkinchi va 1 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medali bo‘lgan Tojikiston terma jamoasi uchinchi o‘rinda bormoqda.
Muhammad Jumayevning bronza medali hisobiga O‘zbekiston terma jamoasi 64 davlat orasida 12-o‘rinni band etib turibdi. Kuchli o‘nlikdan Mo‘g‘uliston, Yaponiya, Turkmaniston, Kanada, Qozog‘iston, Xorvatiya, Fransiya terma jamoalari joy olgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasidan keyingi o‘rinlarda Italiya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Koreya Respublikasi, Ispaniya, Braziliya kabi davlatlar bormoqda.
Bugun, 5-may kuni Dushanbe tatamilarida kechadigan so‘nggi kungi musobaqalarda hamyurtlarimizdan Rinata Ilmatova, Fotima Quronboyeva, Shahzodxo‘ja Sharipov, Azizbek Avazmurodov, Ernazar Sarsenbayev, Rustam Shorahmatov, Shoxruhxon Baxtiyorov va Muhammadqodir Mansurov bahslarda ishtirok etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA