Poytaxtimizda milliy sportimiz kurash bo‘yicha 18 ta davlatning 45 nafardan ziyod mutaxassislari ishtirokida xalqaro murabbiylik seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yili imzolangan “Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, kurash bo‘yicha professional trenerlar, hakamlar va instruktorlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish maqsadida tizimli ravishda xalqaro seminarlar tashkil etish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Bundan to‘rt oy muqaddam O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Xalqaro kurash instituti hamkorligida milliy qadriyatimiz bo‘lgan kurashning jahondagi rivojini ta’minlash yo‘lida Braziliya, Kongo, Kamerun, Buyuk Britaniya, AQSH, Eron, Hindiston, Indoneziya, Rossiya, Shveysariya, Gaiti, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kurash mutaxassislari ishtirokida 3 oylik onlayn kurslar o‘tkazilgan edi.
Ayni kunlarda Toshkentdagi “Sag‘bon” kurash majmuasida hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar ayni harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Kuni kecha Sport vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida milliy sportimizning xalqaro rivoji, uni Olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritilib, AIMS, SportAccord, WADA tashkilotlari bilan amaliy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi, O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi maslahatchisi Sardor Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan anjumanda kurash murabbiylari uchun o‘tkazilayotgan seminar ishtirokchilari tegishli darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lishi bildirildi.
Shuningdek, 2024-yil davomida turli davlatlarda 48 ta kurash tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgani, shundan 15 ta chempionat va turnirlar, 16 ta murabbiylik va hakamlik seminarlari, 3 ta kompleks o‘yinlarda kurash musobaqalari o‘tkazilishi belgilangani aytib o‘tildi.
Joriy yilning ilk oylarida Yevropada Italiya kurash akademiyasi o‘z faoliyatini boshlagani, Tailand, Kosta-Rika, Tojikiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya, Rossiya, Turkmaniston, Tailand kabi davlatlarda ichki chempionatlar bo‘lib o‘tgani kurash boshqa mamlakatlarda ham o‘z o‘rnini topib borayotganidan dalolat.
Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turiga aylanishi, “kichik olimpiada” maqomidagi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishi, dunyoning 139 taga yaqin davlatida kurash federatsiyalarining tashkil etilishi, musobaqa va chempionatlar o‘tkazilishi davlatimizning milliy sportimizga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori tufayli ekani anjuman ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, kurash bo‘yicha xalqaro murabbiylik seminar mashg‘ulotlarining birinchi bosqichi 22-26-aprel kunlari tashkil etilgan bo‘lsa, kuni kecha boshlangan ikkinchi bosqich mashg‘ulotlari 4-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA