Nukusda “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda birga yuguramiz!” shiori ostida “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar barcha yoshdagi professional sportchilarni, sog‘lom turmush tarzi ixlosmandlarini tabrikladi.
Musobaqada 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 7 ming nafardan ziyod ishtirokchi belgilangan 3 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.
Musobaqa yakunida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Rashidbek Iskanderov birinchi, Nodirbek Xalilayev ikkinchi, Azamat O‘rozboyev uchinchi, qizlar o‘rtasida Madina Orinbayeva birinchi, Dinara Ozodova ikkinchi, Anastasiya Sologub uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Nursulton Saribayev, qizlar o‘rtasida Malika Yesenaliyeva finishga birinchi bo‘lib keldi.
–Ommaviy yugurish musobaqasiga qiziqish ortib bormoqda, – deydi Madina Orinbayeva. – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan musobaqada ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsam, bugun yaxshi tayyorgarlik bilan kelib birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportga jalb qilishda bunday musobaqalar muhim ahamiyatga ega.
Musobaqada g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri