Globus

Qo‘shni Tojikiston Respublikasi haqida shu kunlarda ko‘plab mahalliy ommaviy axborot vositalari yozmoqda. Boisi, kecha va bugun davlatlarimiz o‘rtasida tarixiy ahamiyatga molik hujjatlar imzolanib, o‘zaro munosabatda yangi davrga qadam qo‘yildi. O‘zA “Globus” loyihasi orqali mazkur davlat haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.

Tojikiston Markaziy Osiyoda joylashgan go‘zal mamlakatlardan biri. To‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqmasa-da, bir vaqtlar mashhur Ipak yo‘li markazida bo‘lgan. 9 million 750 ming aholiga ega bu yurtda tog‘ va daryo juda ko‘p.

Poytaxt Dushanbe betakror shahar, go‘zal bog‘lar uzra qad ko‘targan. Dunyodagi ikkinchi eng baland 164 metrli bayroq ustuni, Do‘stlik maydonida joylashgan X asrga oid Ismoil Somoniy yodgorligi shu kentda.

Mamlakat hududining 90 foizi tog‘, 50 foizi dengiz sathidan 3000 metr baland joylashgan. Pomir va Oloy tizmalaridagi juda baland cho‘qqilar orasida 7495 metrga bo‘y cho‘zgan Ismoil Somoniy cho‘qqisi ajralib turadi.

Daryolarining 900 dan ko‘pi 10 kilometrdan uzun. Jumladan, Amu va Sir ham Tojikistonni yuvadi.

Afsuski, seysmik faol hududda joylashgan bu zaminda 1907-yil dunyodagi eng halokatli ofatlardan biri – Qoratog‘ zilzilasi yuz bergan.  O‘shanda 12 000 dan ortiq odam vafot etgan. 1949-yil Hayit zilzilasi ham minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan.

Tojikistonning o‘ziga xos ramzlaridan biri Fan tog‘idagi Iskandar ko‘lidir. Uchburchak shaklga ega va tosh cho‘qqilar bilan o‘ralgan ko‘lning suvi kun davomida rangini hayratlanarli darajada o‘zgartirib turadi. Iskandar Zulqarnayn sharafiga shunday nomlangan.

Tojikiston madaniyati, milliyligi va tili xilma-xil mamlakat. Milodiy VII asrda mamlakat Osiyo buddizmi markazi edi, keyinchalik Ipak yo‘lining muhim nuqtasiga aylandi. XII asrda Tojikistonga islom madaniyati kirib kelgan. Bularning bari til, me’morchilik va san’atga ta’sir qilgan. Tojik madaniyati o‘ta o‘ziga xosligi, chuqur ramziyligi va boy tarixiy merosi bilan ajralib turadi.

Madaniyat, ayniqsa, tanho Yag‘nob vodiysida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu joy aholisi asrlar davomida tashqi dunyo bilan, deyarli, aloqada bo‘lmagan. Ular qadimgi so‘g‘dxalqining bevosita avlodi hisoblanadi. Yag‘nobiylar hozir ham o‘lik so‘g‘d tili shevasida so‘zlashadi.

Tojikiston qishloqlarida ayollar an’anaviy libos kiyishadi. Shahar aholisi va erkaklar, asosan, Yevropa uslubini ma’qul ko‘rishadi. Bayramlarda odamlar milliy libosda yuradilar. Aksar kiyim-kechak paxta va ipakdan tikiladi, liboslar rang-barangligi, shakli kishini hayratga soladi.

Tojikiston ajoyib tabiati bilan sayyohlarga betakror taassurot ulasha oladigan o‘lka. Bu yerda yo‘lovchini hayajonga soluvchi tog‘ yo‘llari, tiniq daryo va ko‘llar, keng yassi maydonlar, milliy bog‘lar bisyor. Madaniyat tadqiqotchilariga ko‘plab qadimiy inshootlar saqlanib qolgan kichik shaharchalarga borish tavsiya etiladi.

Mamlakatning eng mashhur sayyohlik joylari – Qorako‘l ko‘li, Pomir cho‘qqilari, Dushanbe Milliy muzeyi, Xo‘jand va Hisor qal’alari hamda Milliy bog‘.

Yana bir qiziq ma’lumot: Tog‘li Badaxshon aholisi o‘zini Iskandar Zulqarnayn avlodi sifatida taqdim etadi. Mahalliy afsonaga ko‘ra, afsonaviy qo‘mondon aynan shu yerda – Pomirning ko‘tarilish qiyin bo‘lgan cho‘qqilari orasida dafn etilgan. Darvoqe, Iskandar Zulqarnayn hozirgi Tojikiston hududida yashagan ayol, aniqrog‘i baqtriyalik zodagon xonim Roksana (Ruxshona)ga uylangan.

Tojikistonning mazali limoni, pistasi va choyi dong taratgan. Tajribali sayyohlar bu ne’matlarni dunyodagi eng yaxshilari, deb atashadi va uylariga olib ketishadi.

Mashhur Pomir yo‘lagi Tojikiston hududidan o‘tadi. Nufuzli geografik va turistik nashrlar bu hududni doimiy ravishda dunyodagi eng go‘zal yo‘llar ro‘yxatida qayd qilishadi. Bu shosseda mashina haydash oson emas. Binobarin, baland tog‘ cho‘qqilari, rang-barang qoyalar va tubsizlikda osilgan Pomir uylarining ko‘rinishi kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.

Prezidentimizning ushbu mamlakatga navbatdagi davlat tashrifi ham mamlakatlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochishi, oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlarda erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar xalqlarimiz farovonligi, mamlakatlarimiz ravnaqiga xizmat qilishi shubhasiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA