Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini raqamlashtirish hamda takomillashtirish uchun zarur axborot tizimlarini ishga tushirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri sanaladi.
Xo‘sh, raqamlashtirish jismoniy tarbiya va sport sohasiga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
Sir emas, raqamlashtirish jamiyatda korrupsiyaning oldini olishda, boshqa sohalar singari sport tizimida ham ochiqlik va shaffoflik ko‘rsatkichlarining yuqoriligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimizda o‘tgan ikki yil davomida jismoniy tarbiya va sport tizimining 24 yo‘nalishida sohani raqamlashtirish ishlari boshlanib, bugungacha 22 ta axborot tizimi ishlab chiqildi. Ulardan 18 tasi amaliyotga joriy etildi.
Mazkur axborot tizimlarini samarali va uzluksiz ishlatish, ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritib borish uchun sport ta’lim muassasalariga 377 ta kompyuter jamlanmasi markazlashgan tarzda yetkazib berilgani hamda raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar yo‘naltirilgani ma’lum bir yutuqlarga erishishga zamin yaratdi.
Birgina o‘tgan 2023 yilda yurtimizdagi mavjud sport ta’lim muassasalariga iqtidorli sportchi yoshlarni qabul qilishda “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi joriy etilishi korrupsion holatlarning oldini olish bilan birga iqtidorli sportchilar, mutaxassislarning yagona elektron bazasining ishga tushishiga omil bo‘ldi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatga qaramasdan, joylarda ushbu axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish, ma’lumotlarni tizimga kiritish borasidagi sustkashliklar, sovuqqonliklar sababli o‘nlab iqtidorli yoshlar belgilangan tartibda aniqlanmadi.
Misol uchun, sportchilarga sport pasportlarini berish ko‘rsatkichi Andijon va Surxondaryo viloyatlarida 50 foizga ham yetmagani, sport inventarlari va jihozlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shakllantirish bo‘yicha ishlar Sirdaryo, Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida yo‘lga qo‘yilmagani sport to‘garak va guruhlaridagi mashg‘ulotlarning to‘laqonli olib borilishiga soya tashladi.
Xuddi shuningdek, 2023 yil davomida sportchilarning natijalarini elektron tizimga kiritish ko‘rsatkichi Sirdaryo, Buxoro viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25 foizga yetmagani, mashg‘ulot jadvallarini elektron tizim orqali yuritilishi belgilangan bo‘lsada, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida qoniqarsiz ekani taassufli holdir.
Vatan sha’nini ulug‘lash kichik sport maydonlaridan boshlanadi. Bugun axborot tarmoqlari faol bo‘lgan davrda yurtimizdagi har bir sport to‘garagini, unda shug‘ullanishga kirishgan navqiron avlod vakillarining ro‘yxatini elektron tizimlarda qayd etib borish, raqamlashtirish ularning kelgusi ko‘rsatkichlariga, murabbiylarning moddiy va ma’naviy qo‘llov olishiga katta turtki bo‘ladi. Bu esa olovqalb sportchilarimizning, ularning murabbiylarining yangi-yangi g‘alabalarga erishish yo‘lidagi eshiklarning keng ochilishiga, jamiyatda haqiqiy iste’dodlar kashf etilishiga olib keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA