Dunyoda biron bir sport turi yo‘qki, uning qaysidir jihatlari xalq o‘yinlariga bog‘liq bo‘lmasa. Olimpiya o‘yinlari tizimidagi aksariyat sport turlarining ma’naviy o‘zagi aynan elu-elatlarning urfq-odatlaridan oziqlanib, shunday maqomga ega bo‘lganligi bugun hech kimga sir emas.
Mamlakatimizning o‘tgan 30 yillik tarixiga e’tibor qaratsak, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan bir qator milliy o‘yinlarimiz sport turi darajasiga ko‘tarildi.
Birgina kurash sport turining rivojlanish dinamikasiga e’tibor qaratsak, o‘tgan 30-32 yillik davrda milliylikdan xalqaro maqomiga yuksalishgacha bo‘lgan sharafli yo‘l bosib o‘tildi. Yuzga yaqin davlatlarda tizimli tarzda o‘tkazilgan chempionatlar, xalqaro turnirlar tufayli ming-minglab kurash chempionlari kashf etildi.
Dunyoning deyarli barcha mamlakatlariga kurash orqali o‘zbekona so‘zlar, iboralar kirib bordi. Bu tom ma’noda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imedjiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qadim o‘tmishi shon-sharafli, kelajagi yog‘dulardek jilvakor bo‘lgan xalqimizning qalb-qo‘ridagi ma’naviy sarchamshmasi shu qadar boyki, hali keng jamoatchilikka tanitilmagan o‘yin turlari ko‘p. Bu, o‘tgan yillar davomida tashkil etib kelinayotgan xalq sayllarida, etnosport festivallarida o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham milliy xalq o‘yinlarini rivojlantirish, ularning xalqaro nufuzini oshirish, alohida yo‘nalishlarda sport turlari negizini yaratish vazifasi belgilangan.
Aytish lozim, o‘tgan yillar davomida xalq o‘yinlarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “Qarabtep”(lanka) o‘yinini ommalashtirish, uning sport termenalogiyasini ishlab chiqish borasida zarur ishlar amalga oshirildi. Uning sport qonun-qoidasi, texnik-taktik ko‘rinishi, sport termenologiyasi ishlab chiqildi.
Tarixiy manbalarning dalolat berishicha, qarabtep(lanka) o‘yini nafaqat Markaziy Osiyo xalqalari orasida, balki Xitoy, Sibir o‘lkalarida, hattoki Yevropaning ayrim mamlakatlarida ham keng tarqalgan.
O‘zbekiston Polvonlar milliy markazi rahbari, O‘zbekiston Qarabtep federatsiyasi raisi Norquli Tursunov bilan mazkur o‘yinning kelib chiqish tarixi, uning inson salomatligini mustahkamlashdagi ahamiyati, qarabtep o‘yinining sport turi sifatida xalqaro maydonda ommalashish imkoniyatlari, o‘yin xususida, Abu Ali ibn Sino keltirib o‘tgan farazlar borasida suhbatlashdik. Uning to‘liq variantini O‘zAning Youtube kanali orqali ko‘rishingiz mumkin.
To‘lqin Ro‘ziyev, Abror Sodiqov (video), O‘zA muxbiri