Niderlandiyada shaxmat bo‘yicha boshlangan “Tata Steel Chess-2024″ turnirining ilk turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Dommaradju Gukesh bilan “Masters” guruhida kuch sinashdi.

Murakkab va o‘ziga xos kurashlarga boy kechgan bahsda Abdusattorov g‘alabaga teng durangga erishdi.

Aytish lozim, o‘tgan asrning 38-yilida asos solingan “Tata Steel Chess” turnirida shaxmat bo‘yicha jahon chempionlarining deyarli barchasi ishtirok etgan. Bu yil 86-bor tashkil etilayotgan turnirda amaldagi jahon chempioni Din Lijen va jahon reytingida kuchli o‘ntalikdan joy olgan Yan Nepomnyashiy, Alireza Firuzdja, Anish Giri qatorida hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha, Vidit Gudjrati, eronlik Parham Magsudlu, niderlandiyalik Yorden van Forest, germaniyalik Aleksandr Donchenko kabi 14 nafar mahorat egalari dona surmoqda.

Nufuzli musobaqaning “Masters” guruhidagi 1-tur o‘yinlarining qolgan bahslarida qo‘yidagi natijalar qayd etildi:

Yorden van Forest – Alireza Firuzdja 0-1, Maks Varmerdam – Yan Nepomnyashiy 0-1, Venszyun Szyu – Anish Giri 0-1, Santosh Gudjrat – Din Lijen 0,5-0,5, Aleksandr Donchenko – I Vey 0-1, Pragnanandha – Parham Magsudlu 0,5-0,5.

Bugun, 14 yanvar kuni turnirning 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha bilan bahs olib bordi. 2-turning qolgan o‘yinlarida Alireza Firuzdja – Parham Magsudlu, I Vey – Gukesh, Din Lijen – Donchenko, Anish Giri – Santosh Gudjrati, Nepomnyaiy–  Venszyun Szyu, Yorden van Forest – Maks Varmerdam ro‘baro‘ keldi.

Eslatib o‘tamiz, “Tata Steel Chess-2024″ turniri 13-turdan iborat bo‘lib, 28 yanvarga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA