Samarqandda o‘tkazilayotgan shaxmatning blits va rapid yo‘nalishlari bo‘yicha VI jahon chempionati qizg‘in davom etmoqda.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur musobaqasida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ko‘proq shaxmatchi ishtirok etmoqda.

Umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur jahon chempionati dasturiga ko‘ra, 26-28 dekabr kunlari 13 turda rapid yo‘nalishi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Amaldagi jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen 10 ochko jamg‘argan holda VI jahon chempionatida rapid yo‘nalishi bo‘yicha chempion bo‘ldi. Sloveniyalik Vladimir Fedoseyev ikkinchi, xitoylik Yangyi Yu uchinchi o‘rinni egalladi. Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov mazkur yo‘nalishda 9 ochko to‘plab kuchli o‘nlikdan joy egalladi.

Ayollar guruhida FIDE bayrog‘i ostida bahslarda ishtirok etgan Anastasiya Bodnaruk birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 2023 yilgi jahon chempioniga aylandi. Hindistonlik Hempi Kaneru kumush, xitoylik Tingji Le bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Yurtimiz shaxmatchi qizlari orasida eng yaxshi natija Afro‘za Hamdamovaga tegishli bo‘ldi.

Chempionat ertaga blits yo‘nalishida davom etadi.

G‘olib HASANOV, Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA muxbirlari.