O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Matbuot haftaligi” yarmarkasi tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining qo‘llab-quvvatlashi bilan yarmarkani tashkil etishdan asosiy maqsad aholini respublikada chop etilayotgan gazeta-jurnallar bilan tanishtirish, ularning obunasini qo‘llab-quvvatlashdir.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatini, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, kundalik voqealarning mohiyatini keng jamoatchilikga yetkazishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, gazeta-jurnallarning o‘rni beqiyosdir. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 34 ta gazeta hamda 5 ta jurnal ro‘yxatga olingan. Ularning har biri o‘z mushtariylariga ega.
Ammo so‘nggi yillarda gazeta-jurnallar obunachilari soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Shuning hisobidan tahririyatlar bosmaxona xarajatlari, obuna, moddiy qo‘llab-quvvatlash va boshqa jihatlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.
–Bugungi kunda matbuot nafaqat xalqimizga axborot yetkazuvchi, balki ma’naviyat va ma’rifat ulashuvchi eng ta’sirchan vositadir, – deydi “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nazira Matyaqubova. – Uning jamiyatdagi ana shunday katta o‘rni va rolini inobatga olgan holda tashkil etilayotgan “Matbuot haftaligi” ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan ziyolilar, madaniyat va san’at vakillari bilan o‘tkazilgan vidoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga e’tibor qaratilgani haftalikning ahamiyatini yanada oshiradi.
Fuqarolarimiz kelib o‘z ixtiyori bilan gazeta-jurnallarga obuna bo‘layotgani bizga katta mamnuniyat baxsh etadi, albatta. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar chop etilayotgan gazeta-jurnallarning yangi sonlari bilan tanishishi, shu yerning o‘zida obuna rasmiylashtirishi uchun imkoniyat yaratildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari