O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Aytmuratovning “Sayl” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Kӯrgazma rassomning so‘nggi yillarda yaratgan ijodiy ishlarini san’at ixlosmandlariga tanishtirish, mamlakatimizda zamonaviy rassomlik rivojiga keng yo‘l ochish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Navro‘z Aytmuratov 1990 yil 13 iyunda Nukus shahrida tug‘ilgan. 2003-2006 yillarda san’at litsey-internati, 2006-2009 yillarda Nukus madaniyat va san’at kollejida rassomlik sirlarini o‘rgandi. 2009-2014 yillarda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida me’morchilik mutaxassisligida tahsil oladi. N.Aytmuratov so‘nggi yillarda o‘tkazilgan bir qator mahalliy va xorijiy ko‘rgazmalarning muntazam ishtirokchisi hisoblanadi. Jumladan, 2018 yil O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida bo‘lib o‘tgan qoraqalpoq rassomlarining “108-burilish”, 2022 yil O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida bo‘lib o‘tgan qoraqalpoq rassomlarining “Mening ona diyorim – mening Qoraqalpog‘istonim”, 2022 yil Mo‘ynoq tumanida “Stixiya” xalqaro elektron musiqa festivali doirasida o‘tkazilgan “Biz Orolmiz”, 2022 yil O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida IX Toshkent xalqaro Biyennalesi doirasida o‘tkazilgan “Lokamatsiya”, 2023 yil O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ko‘rgazma saroyida “Muloqot” xalqaro zamonaviy san’at loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Ma’nolarning ko‘chishi” xalqaro ko‘rgazmalarida ishtirok etdi.
Ko‘rgazma joriy yilning 27 dekabriga qadar davom etadi. Unda rassomning zamonaviy tasviriy san’at turi ekspressionizm va neoekspressionizm yo‘nalishlari ta’sirida yaratilgan 44 ta ijodiy ishi namoyish etilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev, O‘zA