O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 24 oktyabrdagi 364-sonli qaroriga muvofiq, mamlakatimizda Milliy kinologiya markazi tashkil etilgan.

Davlatimiz sarhadlarida sergak bojxonachilarning to‘rt oyoqli sodiq yordamchilari giyohvandlik moddalari, portlovchi, valyuta, tamaki va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni qidirib topishda samarali xizmat qilmoqda.

“Dovud-ota” chegara bojxona postida faoliyat olib borayotgan “Feya”, “Jessi” va “Zabar” laqabli xizmat itlari yordamida geroin, opiy giyohvandlik moddalari, to‘pponcha va uning gaz ballonlari, gilza, patron kabi portlovchi vositalarning mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldi olingan.

Milliy kinologiya markazi tashkil topganining 27 yilligi munosabati bilan xizmat faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xizmat itlari taqdirlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi bojxona postlarida o‘z faoliyatini olib borayotgan tajribali kichik inspektor-kinologlarga biriktirilgan 3 ta xizmat itiga “Xizmat iti nishoni” berildi.

Bu kabi rag‘batlantirishlar aslida ushbu xizmat itlari biriktirilgan va ular bilan shug‘ullanayotgan kichik inspektor-kinologlarga berilgan ijobiy bahodir. Bu xizmat itlari kelgusida ham noqonuniy tovarlar harakatini aniqlashda soha xodimlariga katta ko‘mak beradi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri