Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim agentligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Velosport federatsiyasi hamkorligida 6 yoshli bolalar o‘rtasida IV velomarafon o‘tkazildi.
Bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiya va sportga ommaviy jalb qilish masalalari O‘zbekiston Respublikasi hukumatining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. 2021 yilda maktabgacha ta’lim tizimiga ekologik ta’lim-tarbiyani hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasini joriy etish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi. Bu maktabgacha yoshdagi bolalarning ekologik ta’lim va begovel haydash texnikasi bo‘yicha bilimlarini oshirish imkonini berdi.
Bugungi kunga Toshkent, Samarqand, Xiva shaharlarida uchta loyiha o‘tkazilgan bo‘lsa, navbatdagi to‘rtinchi bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tashkil etildi. Musobaqalarning asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil transport turidan foydalanish sohasida barqaror ko‘nikmalarni rivojlantirish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida velosportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xulq-atvor madaniyatini oshirish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga o‘rgatishdan iboratdir.
Mazkur tadbir davomida 20 ta pilot davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalar 400 ta begovel bilan ta’minlandi. Velomarafonda ishtirok etgan bolalar esdalik medallari, sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular uchun ko‘ngilochar dasturlar, turli tanlov va o‘yinlar tashkil etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyiha doirasida keyingi yillarda qolgan hududlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bosqichma-bosqich begovellar taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari