Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida ilgari surilgan vazifalar, ushbu hujjat mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish, aholining siyosiy va huquqiy savodxonligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini amalga oshirish, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish yo‘lida salmoqli ishlar ro‘yobga chiqarilmoqda. Jumladan, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, mahalliy byudjet mablag‘larini aholi fikri asosida sarf etish bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” loyihasi yo‘lga qo‘yildi, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish lozimligi belgilandi va amaliyotga tatbiq etildi.
Tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, mas’ul idoralar tomonidan yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik nazorati kabi tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA