Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi munosabati bilan “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli” shiori ostida badiiy kecha tashkil etildi.
Filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda qayd etilganidek, ona tilimiz jamiyatimiz rivoji hamda mamlakat taraqqiyotida katta o‘rin egallab, jonajon ona tilimizsiz millat kelajagini tasavvur etib bo‘lmaydi. Unda barcha milliy qadriyatlarimiz, millat ruhi va boy tarixi aks etgan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish va rivojlantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Badiiy kecha filial yoshlarining “Qarekeӊshe onlayn” jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi. O‘zbek tilining haqiqiy jozibasini o‘zida namoyon etuvchi she’rlar, milliy tilimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari kechaga yanada fayz bag‘ishladi. Ona tilimizni ulug‘lash, uning jozibasi va tarovatini yosh avlodga yetkazish, til sofligiga alohida e’tibor qaratish maqsadida tashkil etilgan tadbir ishtirkchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri