Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik va musiqali teatrida Uyg‘un asari asosida sahnalashtirilgan “Abu Rayhon Beruniy” tarixiy dramasining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Rejissyor Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Berdiboy Uteboyev tomonidan sahnalashtirilgan spektakl buyuk alloma tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya, geologiya va boshqa ko‘plab fanlarga oid qomusiy asarlar muallifi Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlandi.

Asarda Abu Rayhon Beruniy ijodi hamda davrning qarama-qarshiliklari, Xorazmshoh Ma’mun II taklifiga binoan Gurganchga qaytib kelgan Beruniyning shoh nomidagi “Ma’mun akademiyasi”ni barpo etishi, Beruniy, Abu ali Ibn Sino va uning shogirdlarining ilm-fan rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlari haqida hikoya qilinadi.

Spektaklda Abu Rayhon Beruniy obrazini aktyor Azizbek Nazarimbetov, Ibn Iroq rolini aktyor Omirboy Qosimbetov, Jafar obrazini aktyor Doston Boymurzayev, Gulsanam obrazini aktrisa Gulsanam Obodboyeva, Abu ali Ibn Sino obrazini aktyor Alisher Akimov yuksak mahorat bilan ijro etgan.

O‘zA fotomuxbiri
Maqsad Habibullayev olgan suratlar