Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash va to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillarini targ‘ib qilish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish hamda fitnesni ommalashtirish orqali jismoniy qobiliyat va harakat faolligini oshirish nazarda tutilgan.

Qarorda O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasini malakali, chuqur nazariy bilim, o‘z vazifalarini samarali va mas’uliyat bilan bajaradigan kadrlar bilan to‘ldirish, hududlardagi mavjud fitnes to‘garaklari va klublarini xatlovdan o‘tkazish belgilangan.

Mamlakatimizning qishloq, mahalla, tuman, shahar, viloyat markazlaridagi mavjud fitnes infratuzilmasini rivojlantirish, ularning elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish keltirib o‘tilgan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA