Jahon dopingga qarshi kurash agentligi (WADA) Xanchjouda boshlangan yozgi Osiyo o‘yinlarida, mustaqil kuzatuvchilarni jalb qilgan holda, sportchilarni doping qoidabuzarligidan himoya qilish bo‘yicha ish boshlaganini e’lon qildi.

Shu haqda gapirgan WADA Prezidenti Vitold Banka Osiyo Olimpiya Kengashi, Xitoy antidoping agentligi va boshqa manfaatdor tomonlar bilan dopingsiz sport missiyasini qo‘llab-quvvatlash va dunyo bo‘ylab sportchilar mahoratini oshirish maqsadida hamkorlik qiladi, deyiladi Insidethegames.biz sayti xabarida.

2018 yil o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari davomida to‘qqiz nafar sportchida taqiqlangan preparat aniqlangan, 2010 yil Xitoyning Guanjou shahrida tashkil etilgan qit’a Olimpiadasida esa ayni ko‘rsatkich oltitani tashkil qilgan. Doping holati eng ko‘p aniqlangan qit’a o‘yinlari 1994 yil Yaponiyaning Xirosima shahrida kechgan sport anjumani hisoblanadi. O‘shanda tekshiruv chog‘i “musbat” natija qayd etgani sababli 15 nafar atlet qo‘lga kiritgan medalidan mahrum etilgan.

WADA rahbari dopingsiz sport missiyasini davom ettirish va jahon sportida halol o‘yin darajasini oshirish muhim vazifa ekanini ta’kidlagan.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA