Toshkentning “Humo” xokkey klubi Qozog‘iston pro ligasidagi 6 – tur bahsini Pavlodar shahrining “Irtish” jamoasiga qarshi o‘tkazdi.

Jamoalar o‘rtasidagi ikkinchi uchrashuv 6:0 hisobida vakillarimiz foydasiga hal bo‘ldi.

Kecha kechki payt yakunlangan uchrashuvdan keyin jamoamizning turnir jadvalidagi ochkolari 12 tani tashkil etdi. Bu Toshkent jamoasiga turnir jadvalidagi peshqadamlikni yanada mustahkamlab olishga imkon berdi.

Hamyurtlarimizdan keyingi o‘rinda borayotgan Ust – Kamenogorskning “Torpedo UK” jamoasi 9, Astananing “Nomad” va Aktobe shahrining “Aktobe” jamoalari 8 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

“Humo” jamoasi navbatdagi o‘yinni 23 sentyabr kuni “Torpedo”ga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv poytaxtimizdagi “Humo arena”da bo‘lib o‘tadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA