Davlatimiz rahbarining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida sport sinovlarini o‘tkazish belgilangan.
Qarorga asosan 11 ta yosh toifasi bo‘yicha har yili yanvar — dekabr oylarida 6 ta bosqichdan iborat aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish rejaga kiritilgan.
Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, 20 sentyabrdan Toshkent shahar, Mirobod tumanidagi 1-sonli Sport maktabida mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik, idora va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlardan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari qabul qilish jarayoni boshlanadi. Rejaga ko‘ra, ushbu tadbirlar 22 sentyabrga qadar ixtiyoriy tarzda davom etadi.
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman hokimliklarida 23 sentyabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabariga ko‘ra, sport sinovlarini topshirishda 27 ta vazirlik, idora va tashkilot xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi hamda 207 ta tuman (shahar) hokimliklari xodimlari qatnashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari ixtiyoriy talablar asosida tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA