Har qanday sport turining eng muhim musobaqasi bu — jahon chempionati. Unda g‘alaba qozonish, Vatan bayrog‘ini yuksaltirish orqali sharafga erishish har bir sportchining orzusi. Bunday baxt millionlab sportchilar orasida sanoqlilargagina nasib etadi.
Serbiya poytaxti Belgrad shahrida sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionati ana shunday istakni qalbiga jo etganlar o‘rtasidagi shiddatli kurashlarga boyligi bilan ajralib turibdi.
Boshlanganiga to‘rt kun bo‘lgan jahon chempionati erkin kurashchilarimiz uchun poyoniga yetdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Tokio Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov, Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi G‘ulomjon Abdullayev, o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Umidjon Jalolov, Rio Olimpiadasining bronza medali sovrindori Magomed Ibragimov saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan holda asosiy bosqichlarda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan Jahongirmirza Turobov, Zafarbek Otaxonov, Sardorbek Xolmatov ilk bosqichdayoq tomoshabinlar safidan joy oldi.
Mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan erkin kurashchilarimizdan Javrail Shapiyev 86 kilogrammlilar bellashuvida ancha omadli ishtirok etdi. Shapiyev 1/16 finalda polshalik Sebastyan Yezirzanski (4-1), 1/8 finalda turkiyalik Osman Gosen (11-0), chorak finalda yaponiyalik Hayato Ishiguroni mag‘lubiyatga (15-5) uchratdi. Yarim finalda esa eronlik Hassan Yazdanicharatiga yo‘l berdi. Olimpiada yo‘llanmasi uchun tashkil etilgan bellashuvda Bahrayn sportchisidan ustun kelib, faoliyatida ikkinchi bor Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 19 sentyabr kuni jahon chempionatining ayollar kurashi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar a’zosi medallar hamda “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun kurashga kirishadi. Kurashchi qizlarimizdan Jasmina Immayeva ilk bahsda rossiyalik Polina Lukina bilan ro‘baro‘ kelsa, Layloxon Sobirova Aynur Ashimova (Qozog‘iston) bilan, Svetlana Oknazarova ukrainalik Anastasiya Alpeyeva bilan kuch sinashadi.
Shu o‘rinda aytish lozim, erkin kurashchilarimiz uchun “Parij-2024” Olimpiadasining yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish imkoniyati hali saqlanib qolmoqda. Ular kelasi yilning 12-14 aprel kunlari Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tadigan Osiyo saralash turniri va 9-12 may kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil etiladigan Jahon saralash turniri orqali “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, dunyoning 70 ga yaqin davlatidan erkin, yunon-rum va ayollar kurashi sport jamoalari qatnashayotgan jahon chempionati bellashuvlari 26 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA