KXDR yetakchisi Kim Chen In Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “Vostochniy” kosmodromiga tashrifini tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda “STAK” agentligi ma’lum qildi.

Agentlikning ta’kidlashicha, oliy martabali mehmon rossiyalik hamkasbi bilan  raketa tashuvchi montaj-sinov korpusi bilan tanishar ekan, unga “Soyuz-2”, “Angara” va boshqa raketa tashuvchilarining texnik xususiyatlari, ularning montaji va uchirilishi jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

KXDR yetakchisi, shuningdek, “Soyuz-2” va “Angara” raketalari uchirilishi maydoni qurilishini borib ko‘rdi.

STAK qayd etishicha, “Vostochniy” kosmodromi koinotni o‘zlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

“Golos Korei” radiosi xabar berishicha, Kim Chen In hamkasbi Putinni Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga o‘ziga qulay vaqtda tashrif buyurishga taklif qildi.

Avvalroq matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytganidek, Rossiya Prezidentining KXDRga tashrif buyurishi kun tartibida yo‘q.

 

O‘zA