Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahri yaqinidagi Sulaymon tog‘ etagida, qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilgan Alimbek Dotqi nomli xiyobonda Mustaqillik kuni munosabati bilan Davlat bayrog‘i ko‘tarilishi marosimi uyushtirildi.
Tadbirda mamlakat Prezidenti, Qurolli kuchlar Bosh qo‘mondoni Sadir Japarov ishtirok etib, nutq so‘zladi va qirg‘iz xalqini bayram bilan muborakbod etdi. Tabrikda, jumladan, shunday jumlalar bor:
–Bugun, 31 avgust – Qirg‘iz Respublikasi mustaqilligi kuni. Bu bayram butun xalqimiz uchun juda qadrli va muhim. Men Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan, o‘zining Sulaymon tog‘i bilan mashhur ushbu saxiy zaminda, janubiy poytaxtimiz sanalgan shaharda turib, ko‘p asrlik boy tarixga ega buyuk qirg‘iz elini qutlayotganimdan faxrlanaman. Hammangizni chin yurakdan mustaqillik ayyomi bilan tabriklayman! Davlat rahbari qo‘shimcha qilishicha, qirg‘iz xalqi doimo tabiat bilan uyg‘un, qorli, purviqor tog‘larni ulug‘lab kun kechirgan. Ehtimol, shuning uchundir buyuk Olatov shu zaminni Vatan bilib, qadrlab, ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan insonlarni mudom baxtsizlikdan, ofatdan asraydi.
–Bugungidek murakkab bir davrda rivojlangan davlatni barpo etish o‘z qo‘limizda, – davom etadi Sadir Japarov. – Buning uchun bizda barcha sharoit bor. Ushbu tarixiy imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak. Keling, yurtimizning tabiiy boyliklaridan, inson resurslaridan to‘g‘ri, oqilona, tejab foydalanaylik, ota-bobolarimizdan meros qolgan mustaqil Qirg‘izistonni rivojlantiraylik, kuchaytiraylik va keyingi avlodlarga shunday qoldiraylik.
G‘.Xonnazarov, O‘zA