Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va AQSH Kongressi Senati a’zosi, senator – demokrat Gari Piters o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda hamkorlikning keng doirasi, xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Oliy Majlisning parlamentlararo guruhining AQSH Kongressi bilan hamkorlik bo‘yicha muloqoti hamda AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” faoliyati siyosiy va iqtisodiy sohalarda O‘zbekiston va Amerika munosabatlarini tizimli rivojlantirishning va parlament diplomatiyasi vositasida muhim masalalarni hal etishning  samarali mexanizmiga aylangan.

Iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 yetakchi kompaniya kiradigan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qo‘shayotgani, 2023 yilning yanvar – iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi 321,5 million dollarni tashkil etgani qayd etildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mehnat munosabatlari yo‘nalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

O‘zaro munosabatlar ko‘p tomonlama  formatlarda ham  mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, “Markaziy Osiyo – AQSH” C5 + 1 formati doirasida kelgusi yilda YUSAID bilan tadbirkor ayollarning Xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Inson huquqlarini ta’minlash, e’tiqod va so‘z erkinligi masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Muloqot so‘nggida tomonlar barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga  tayyor ekanini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA