Qozog‘istonda o‘quv yili davomiyligi avvalgi tartibga qaytariladi, ya’ni 34 haftalik rejim joriy etiladi. Bundan buyon o‘quv yili 25 mayda tugaydi.

Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari yozmoqda.

O‘zgarishga izoh sifatida 36 haftalik o‘quv yili jahon amaliyoti ekani e’tirof etilib, bunday yangiliklarni joriy etish uchun puxta tayyorgarlik zarurligi ta’kidlangan.

– Vazirlik qarori asosli, ammo shoshqaloqlik bilan qabul qilingan, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari – mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Tamara Duysenova Ostonada bo‘lib o‘tgan o‘qituvchilarning avgust yig‘ilishida. – O‘quv yili 25 may kuni yakunlanadigan 34 haftalik muddatga qaytish to‘g‘ri.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil avgust oyida mamlakat Ta’lim vazirligi o‘quv yilini uzaytirish, ta’tilni qisqartirish tashabbusi bilan chiqqan. Yangilik ko‘pchilikda jiddiy xavotir uyg‘otib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan. Bolalarni ta’tilning muayyan qismidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qarorga javoban, ota-onalar vazirlar ta’tilini qisqartirish taklifini berishgan edi.

O‘zA