Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin Janubiy Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifning so‘nggi kunida Osiyo-Tinch okeani xalqaro hamjihatlik ta’lim markazi (APCEIU) direktori janob Lim Xyon Muk bilan uchrashdi.
Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida YUNESKO shafeligida ikkinchi toifali mintaqaviy markaz tashkil etishda Osiyo-Tinch okeani xalqaro hamjihatlik ta’lim markazining konsultativ ko‘magi haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv davomida janob Lim tashkiliy tuzilma, moliyaviy siyosat, loyihalar, xalqaro hamkorlik va global miqyosda ilgari surilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Osiyo-Tinch okeani xalqaro hamjihatlik ta’lim markazi YUNESKOning dunyodagi yetakchi mintaqaviy markazlaridan biri hisoblanadi. Osiyo-Tinch okeani tashabbuslari va boshqa mintaqaviy, xalqaro va global ta’lim sa’y-harakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini targ‘ib qilish va mustahkamlash, xalqaro hamjihatlik va global fuqarolik sohasida falsafa, o‘qitish usullari va o‘quv dasturlari bilan bog‘liq tadqiqot va ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha 23 yildan ortiq tajribaga ega.
Markaz direktori O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Ayniqsa, Toshkent deklaratsiyasining muhimligini, ushbu hujjat kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik va ta’limni isloh qilish yo‘lida ko‘rsatma va strategiyalar to‘plami ekanini ta’kidladi. Kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasi esa O‘zbekistonning kuchli siyosiy irodasini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Uchrashuv so‘ngida markaz faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, shu jumladan, ta’limni rivojlantirish va BRMga erishishga hissa qo‘shish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
M.Qosimova, O‘zA