Ma’lumki, oxirgi 3 yilda yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida butunlay yangi tizim yaratildi. Eng avvalo, O‘zbekistonda kambag‘allikning mavjudligi rasman tan olindi. Eng muhimi uni kamaytirishga davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda.

Xususan, Prezidentimizning joriy yil 12 iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishga tushirildi.

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boshlandi. Mazkur dasturni bajarish uchun barcha manbalardan 1 milliard dollarga teng mablag‘lar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan o‘ta muhim 2 ta tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Kambag‘al oilalar a’zolarini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘la qoplab beriladi.

Yana bir muhim jihati shundaki, soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. Kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi. 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.

Ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi. Soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi. Bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturida soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Misol uchun, mazkur dasturda tadbirkorlik sub’ektlari ularning huquq va majburiyatlari aks ettirilgan “Hamkorlik shartnomalari” asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.

Hamkorlik shartnomalarida 41 tadan 200 tagacha va undan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etib, yaratgan ish o‘rniga qarab hokimliklar va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan hamkorlik shartnomalari tuzadi.

Jumladan, 41 tada 100 tagacha ishchi o‘rni yaratadigan tadbirkorlik sub’ektlari bilan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari takliflariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan hamkorlik shartnomasi tuzadi.

Dasturga kiritilgan tadbirkorlar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilib Mehnatga haq to‘lash eng miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘laganda va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizni tashkil qilganda mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda MHTEKMning 1 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi hisoblanganda, daromad solig‘i ish beruvchiga qaytarib beriladi, ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.

Eng muhimi ularga 7 yilgacha bo‘lgan muddatga 14 foizlik stavkada 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni kamida bir yil davomida ish bilan ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha amaldagi stavkaga nisbatan 50 foiz imtiyoz qo‘llaniladi.

Eng asosiysi, Reyestrga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinib, ularga har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda

hisoblaganda oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 100 foiz Respublika byudjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 barobaridan oshmagan miqdorda) qaytarib beriladi.

Shu bilan birga, Reyestrga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinib, ularga har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, ijtimoiy soliq bo‘yicha amaldagi stavkaning 50 foizi miqdorida imtiyoz qo‘llaniladi.

Barcha soliqlar va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz 3 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi 3 milliard so‘mgacha kafillik beradi. 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan — hokim yordamchilarining takliflariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan hamkorlik shartnomasi imzolanadi.

Ularga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi: 7 yilgacha bo‘lgan muddatga 10 mlrd so‘mgacha 14 foizlik stavkada imtiyozli kredit ajratiladi. Reyestrga kiritilgan fuqarolar kamida bir yil davomida ish bilan ta’minlangan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha amaldagi stavkaga nisbatan 75 foiz imtiyoz qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi taklifiga asosan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri hamda iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan hamkorlik shartnomasi tuziladi.

Ularga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi: 15 milliard so‘mgacha 7 yilgacha bo‘lgan muddatga 14 foizlik stavkada imtiyozli kredit ajratiladi. Reyestrga kiritilgan fuqarolar kamida bir yil davomida ish bilan ta’minlangan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha amaldagi stavkaga nisbatan 100 foiz imtiyoz qo‘llaniladi.

Dasturda ishtirok etgan tadbirkorlik sub’ektlariga  qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) va barcha soliq turlari bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish muddati amaldagi stavkaga nisbatan ikki baravarga qisqartiriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bekor qilinmaydi.

Tovarlarni import qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalari Bojxona va soliq organlarining hisob tizimlarida o‘zaro hisobga olinadi. Bojxona nazoratini amalga oshirishda qo‘llaniladigan xavfni boshqarish darajasi “yashil yo‘lak” deb baholanadi. Barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazish taqiqlanadi. 50 milliard so‘m va undan yuqori qiymatdagi loyihalarni amalga oshirganda belgilangan tartibda zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.

Dasturga kiritilgan Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan esa yuqoridagi imtiyozlarning faqatgina jismoniy shaxslardan olindigan daromad solig‘ini 100 foiz Respublika byudjetidan qoplanishi va ijtimoiy soliqning 50 foizga stavkasi kamaytirilishi bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar qo‘llaniladi va 50 milliard so‘m va undan yuqori qiymatdagi loyihalarni amalga oshirganda belgilangan tartibda zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA