Huquqiy munosabat

Mehnat kodeksining 108-moddasiga ko‘ra, Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan e’tiboran kuchga kirishi lozim.

Xo‘sh, agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan bo‘lsa, qanday yo‘l tutiladi? Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari qanday?

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.

–Agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan bo‘lsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.

–Mehnat shartnomasi qancha muddatga tuzilishi mumkin?

–Mehnat kodeksining 110-moddasiga ko‘ra, Mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga, uch yildan ko‘p bo‘lmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuzilishi mumkin. Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati shartlashilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.

–Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari qanday?

–Mehnat shartnomasini bekor qilish deganda Kodeksda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni tugatish tushunilishi belgilangan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 155-moddasiga ko‘ra,  Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat.

Xususan, taraflarning kelishuvi, mehnat shartnomasi muddatining tugashi, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish, mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish, tashkilot mulkdorining almashganligi, uning qayta tashkil etilgani, tashkilotning idoraviy taalluqliligi o‘zgargani munosabati bilan xodimning ishni davom ettirishni rad etishi hamda xodimning yangi mehnat shartlarida ishlashni davom ettirishni rad etishi mumkin.

Shu bilan birga, xodimning ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ishlash uchun ko‘chishni rad etishi, xodimning tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazishni rad etishi yoxud ish beruvchida tegishli ish bo‘lmagan taqdirda, taraflarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda, yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan o‘tmaganlik yoxud saylovda, tanlovda ishtirok etishni rad qilish hamda ushbu Kodeks yoxud boshqa qonunlar alohida toifadagi xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida mehnatga oid munosabatlarni tugatishning qo‘shimcha asoslari to‘g‘risidagi shartni nazarda tutish imkoniyatini mustahkamlaydigan hollarda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar ham shartnomani bekor qilishga olib keladi.

Mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan o‘zga asoslar bo‘yicha ham bekor qilinishi mumkin.

Mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish, shuningdek, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shartligi Mehnat kodeksining 109-moddasida belgilab qo‘yilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA