Xitoyning Xiaomi texnologik korporatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasidan yiliga 100 ming dona elektromobil ishlab chiqrishga ruxsat oldi.
Korporatsiya rahbari Ley Szyun kompaniyaning aqlli elektromobillar bozoriga 2021 yilda kirib kelganini e’lon qildi. U kelgusi 10 yilda 10 milliard dollar sarmoya kiritish va 2024 yilning birinchi yarmigacha ilk avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlashga va’da berdi.
Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasining elektromobil ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashi bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan sanaladi, biroq kompaniyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan oldin Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborotlashtirish vazirligidan ham ruxsat olishlari kerak. Vazirlik yangi transport vositalarining texnik jihatlari va xavfsizligini baholash uchun javob beradi.
Xiaomi korporatsiyasining elektromobillar bozoriga chiqishi, uning smartfonlar ishlab chiqarish biznesida turli muammolarga duch kelayotgani bilan bog‘liq. Birinchi chorakdagi daromad o‘tgan yilga nisbatan 18,9 foizga kamaygan va kompaniya o‘z ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda.
Xitoyda elektromobillar bozori tez rivojlanmoqda va Xiaomi korporatsiyasi bundan foyda olishga umid qilmoqda.
Korporatsiya innovatsiyalar bo‘yicha katta tajribaga ega va shu bois, raqobatbardosh elektromobil ishlab chiqarishiga ishonadi.
Hozirgi kunda kompaniya Pekinda yiliga 200 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod barpo etdi. Mingdan ortiq muhandislar ilk elektromobillarni ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Texnologik korporatsiya Bosch va Magna kabi birinchi darajali yetkazib beruvchilar bilan hamkorlik kelishuvlarini yo‘lga qo‘ydi.
Xiaomi korporatsiyasi katta moliya manbalari, innovatsion madaniyati va keng chakana savdo tarmog‘i tufayli elektromobillar bozorida muhim ishtirokchi bo‘lish salohiyatiga ega.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.