Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tuman adliya bo‘limi tomonidan maktabgacha ta’lim bo‘limi hamshiralarining uzluksiz ish staji uchun ustama mablag‘larini undirib berishda amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-son qarori 2-ilovasi, “O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi Nizomning 25-bandiga asosan, shifokorlarga, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlariga, shuningdek, sog‘liqni saqlash barcha muassasalari farmatsevtika xodimlariga uzluksiz ish staji 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganda – tarif stavkasining 5 foizi, 10 yildan 15 yilgacha bo‘lganda – tarif stavkasining 10 foizi, 15 yildan 20 yilgacha bo‘lganda– tarif stavkasining 15 foizi miqdorida, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 20 foizi miqdorida, uzluksiz ish staji 20 yildan ortiq bo‘lganda – tarif stavkasining 20 foizi miqdorida belgilanadi.

Sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlarining mazkur Nizomning 24-bandida ko‘rsatilgan alohida toifalari bundan mustasno, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 30 foizi miqdorida belgilangan.

– Shunga qaramasdan, Beruniy tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan mazkur xodimlarga tegishli ustama mablag‘lari to‘lab berilmagan, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Vahob Turaniyazov. – Qayd qilingan qonunchilik talablariga binoan tuman adliya bo‘limi tomonidan uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan hamshira xodimlarning manfaatiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritilib, sudning 2023 yil 26 iyul kungi hal qiluv qarori bilan jami 89 million 903 ming 384 so‘m ustama mablag‘i undirish belgilandi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri