To‘rtko‘l tumani “Yashnobod” MFY hududidagi “Yashnobod To‘rtko‘l” fermer xo‘jaligida 2024 yil hosili uchun g‘alla ekiladigan maydonlarda yer tayyorlash bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Seminarda To‘rtko‘l tumani hokimi R.Shamuratov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining 1-o‘rinbosari B. Tog‘aev, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R. Qarshiev, O‘zbekiston Respublikasi Sholichilik instituti direktori o‘rinbosari Z. Ziyadullaev, tumani hokimi R.Shamuratov va tumandagi g‘allachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
Unda so‘zga chiqqan mas’ullar bugungi kunda bug‘doy urug‘larining o‘zimizda yetishtirilishini inobatga olgan holda, hududga moslashgan g‘alla navlari yaratilganligini, shu bois har bir kundan unumli foydalangan holda joylarda g‘alla ekishga tayyorgarlikni boshlab yuborish lozimligini ta’kidlab o‘tdilar.
Aytib o‘tish joizki, To‘rtko‘l tumanida 2024 yil hosili uchun 2350 gektar ochiq maydonga, 1550 gektar g‘o‘za qator orasiga g‘alla ekish rejalashtirilayotgan bo‘lib, belgilangan muddatda ekish ishlarini boshlash uchun sho‘r yuvishni qisqa muddatlarda yakunlash lozimligi belgilab olindi.
Shu bilan birgalikda bugungi kunda keng targ‘ib qilinayotgan suv tejovchi texnologiyalarning yuqori hosil olishdagi ahamiyati borasida ham keng tushuncha berildi.
Ko‘rgazmali seminarda fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan meva va sabzavotlar hamda o‘simliklarni yetishtirishda muhim hisoblangan biolaboratoriya mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.
Maftuna Yusupboyeva.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi