Yurtimizda pedagog kasbining nufuzini oshirish, ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilash, mas’uliyatli mehnatini munosib baholashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda pedagog xodimlarning ish haqi miqdorlari bir necha marta oshirildi. Ularga alohida ustama joriy etilishi va ta’lim standartlari talablariga muvofiq pedagoglarning ish yuklamalari maqbullashtirildi.

Biroq pedagoglarning maqomini oshirish bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar va qabul qilingan hujjatlar ular faoliyatini to‘laqonli bajarishga, yetarli darajada moddiy, ijtimoiy va ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlardan himoya qilishga, vazifa va funksiyalariga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilinmasligi uchun to‘la asos bo‘lib xizmat qilmayapti. Bundan tashqari, davlat ta’lim tashkilotlari rahbarlari, ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda ota-onalarning pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashuvlari ular tomonidan ta’lim sifatini yaxshilash, ta’lim va tarbiya oluvchilarga yetarli bilim va ko‘nikmalarni berish imkoniyatini bermayati.

Ayni paytda iqtidorli yosh avlod va yuqori malakali kadrlarning pedagogika faoliyatiga keng jalb etilishini ta’minlash uchun ularga qo‘shimcha huquq va imtiyozlar taqdim etish, pedagog xodimning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, ularning maqomini alohida qonun bilan belgilash talab etiladi.

Shundan kelib chiqib, pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarini ta’minlash maqsadida “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan pedagog xodimlarining huquqlarini mustahkamlash, maqomini oshirish maqsadida bir qator normalar taklif etilmoqda.

Jumladan, pedagog xodimlarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishini kafolatlash maqsadida sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish, pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish, davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi, pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Yuqoridagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda ushbu qonun loyihasi pedagoglarning jamiyatdagi nufuzi oshishi, pedagogik faoliyatga bo‘lgan talab oshgan holda ta’lim berish tizimi yanada kuchayishi, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish imkoniyatlari yanada kengayishiga mustahkam zamin yaratilishini ta’kidlab, uni ma’qulladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA