Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining kadrlar salohiyatini yaqindan o‘rganish, mavjud muammolarga joyning o‘zida yechim topish maqsadida Bojxona qo‘mitasining Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i S.Jalilov xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

Dastlab, mamlakatimiz shimoliy darvozasi hisoblanuvchi, Nukus shahridan 450 kilometr masofada joylashgan “Dovud-ota” chegara va “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postlarida bo‘lib, bu yerda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning ish samaradorligi bilan tanishdi. Xodimlarning oilaviy sharoitlari, xususan, KPI ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillar o‘rtaga tashlanib, ularga yechim topish masalalari haqida fikrlar bayon qilindi.

Shuningdek, S.Jalilov “Dovud-ota” chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan yengil va yuk avtotransport vositalari haydovchilari bilan suhbatlashib, bojxona postidan o‘tish chog‘ida uchrayotgan muammolar haqida o‘z maslahatlarini bayon etdi.

“Xo‘jayli” tumanida istiqomat qiluvchi II guruh nogironi Maqsuda Kamolova bojxona organlariga biriktirilgan maxsus toifadagi yoshlardan biri. Vakil ushbu yoshning holidan xabar olib, oldingi o‘rganish ishlari davomida yosh tomonidan so‘ralgan pishirish pechini Maqsudaga topshirdi. Ko‘rish qobiliyati past bo‘lsada pishiriqlarga qiziquvchanligi baland bo‘lgan ushbu yoshga mahalliy mas’ul idoralar bilan birgalikda kelgusida non sexi ochishi uchun bino ajratish orqali o‘zini o‘zi band qilishda ko‘maklashish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan xizmat safari davomida S.Jalilov sarhadlarda xizmat qilayotgan bojxona xodimlari bilan ochiq suhbat o‘tkazib, ularning ishchanlik kayfiyati bilan ham qiziqdi. Zero, o‘z ishini sevgan insongina uning qadriga yetib, bor kuch salohiyatini ishga solib, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni chin ko‘ngildan bajaradi. Bugun bojxona tizimida xizmat qiluvchi har bir xodim yetuk mutaxassis, o‘z kasbining fidoiy jonkuyari, teran bilim va aqliy salohiyatga ega bo‘lgan, zamon bilan hamqadam rivojlanib, o‘z ustida betinim ishlovchi kadr bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri