FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanidagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi. So‘nggi paytlarda bu yerda tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha sezilarli ishlar qilinmoqda.
MFYdagi hokim yordamchisi Amandiq Bisengaliyevning ta’kidlashicha, shu yilning birinchi yarmida 48 nafar fuqaroning murojaati asosida dehqonchilik, ishlab chiqarish, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi uchun ularga banklar tomonidan 880 million 700 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishiga erishildi.
– Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida hokim yordamchisining tavsiyasi bilan bankdan 11 yarim million so‘m kredit olib, tadbirkorlik faoliyatimni boshladim, – deydi “Do‘stlik” MFYda yashovchi Bo‘tako‘z Doniyorova. – Hozirda to‘y va bazmlarga buyurtma bo‘yicha tort mahsuloti hamda shirinliklarni tayyorlab bermoqdamiz. Mahsulotlarimizga talab tobora oshib boryapti.
Shu mahalladan Quvonch Xudoyberganov ham shu yil boshida plastik romlar ishlab chiqarish sexini tashkil qilgan edi. Bugungi kunda bu sexda uch kishi muqim daromad manbaiga ega. Sex mahsulotlariga aholidan ko‘plab buyurtmalar kelib tushayotgani bois ularning qo‘li-qo‘li tegmaydi. Daromad ham shunga yarasha – salmog‘i tobora oshib bormoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA