O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chatda Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilov ishtirok etdi. Ekspert abituriyentlarning qabulga oid eng muhim savollariga javob berdi.
— Hozirgi kungacha qancha abituriyent oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdi? Eng yuqori reytingda qaysi oliy o‘quv yurtlari turibdi?
— Barchamizga ma’lum 20 iyundan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi. 11 iyul sanasi holatiga 390 ming nafarga yaqin abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Oliy ta’lim muassasalari kesimida 1-o‘rinda O‘zbekiston Milliy universiteti turibdi. 15 mingdan ziyod abituriyent mazkur oliy ta’lim muassasasini birinchi OTM sifatida tanlagan. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlari egallab turibdi.
Barchamizga ma’lumki, abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda beshtagacha ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, agar biz beshta yo‘nalish bo‘yicha ham ma’lumotlarni oladigan bo‘lsak, ushbu statistika o‘zgarib ketadi. Shuning uchun ko‘rsatkichlarni har doim birinchi yo‘nalishga nisbatan olamiz.
— Qaysi fanlardan milliy sertifikat olsa bo‘ladi?
— Milliy sertifikatni ikki toifaga ajratish mumkin. Chet tilidan milliy sertifikat va umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat. Ko‘pchilik abituriyentlar chet tilidan milliy sertifikatni CEFR yoki “Multi-Label Classification” deb aytishga o‘rganib qolishgan. Ya’ni, xalq tilida shunday nom bilan tarqalgan.
Chet tilidan milliy sertifikat imtihonlarida abituriyentlarimiz B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lsa, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun belgilangan maksimal ball olishlari mumkin. Ya’ni, ular chet tilidan imtihon topshirmaydi. Agar chet tili birinchi fan bo‘ladigan bo‘lsa, 93 ball, ikkinchi fan bo‘ladigan bo‘lsa 63 ball taqdim etiladi.
Chet tilidan milliy sertifikat imtihonlari 14 ta tilda o‘tkaziladi. Imtihonlar yil davomida barcha hududlarda tashkil etiladi. Demak, abituriyentlarimiz o‘zini tayyor deb bilgan vaqtda mazkur imtihonda qatnashib, oldindan ball yig‘ib qo‘yishi mumkin.
Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2021 yildan boshlab o‘tkazib kelinadi. Hozirda bizda 9 ta fandan bu imtihonlar mavjud. Bulur ona tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti, fizika, matematika, kimyo, biologiya, tarix hamda geografiya fanlari. Ushbu 9 ta fandan bo‘ladigan imtihonlarda abituriyentlarimiz qatnashib, sertifikat olib, oliy ta’limga kirishda foydalanishlari mumkin.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA