Germaniya va Fransiya o‘zaro kelishuvlardan keyin zamonaviy tank yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish maqsadida aniq choralarni ko‘rishga kirishdi. Taxminlarga ko‘ra, yangi tanklar 2040 yildan boshlab ishlab chiqarila boshlaydi, deya ma’lum qildi Fransiya va Germaniya mudofaa vazirlari Sebastyan Lekornyu hamda Boris Pistorius dushanba kuni uyushtirgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Phoenix telekanali namoyish qilib borgan matbuot anjumanida  vazirlar dasturning tezkor bosqichiga kirishilgani haqida gapirgan.  

Germaniya mudofaa vaziri Pistoriusning ta’kidlashicha, sentyabrgacha ikki tomon ham  loyiha bo‘yicha asosiy hujjatni imzolaydi. Dastlabki natijalar 2035 yilda namoyish qilinadi.

Vazirlarning ta’kidlashicha, bu yerda gap Leclerc yoki  Leopard tanklarining yangi avlodi haqida ketayotgani yo‘q, aksincha, kelajak tankida o‘ta zamonaviy texnologiyalar qo‘llaniladi.