Tailandda boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida yarim final bahslari bo‘lib o‘tdi.

Vazni 52 kilogramm bo‘lgan Samandar Xolmurodov hindistonlik Bavesh Kattimanni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, 56 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Abdumalik Xalokov qozog‘istonlik Bibars Jeksen ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Temur Merjanov eronlik Sajad Mousavani, Jamshidbek Mahmadaliyev hindistonlik Amanni, Javohir Tog‘aymurodov esa Janubiy Koreya vakili Kim Yeonseungni o‘z vazn toifasida mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.

Shuningdek, yarim finalga qadar barcha janglarda g‘alaba qozongan Jahongir Rahmonov va Navo Tamazov Osiyo chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA