Senat yalpi majlisida Senat nazoratiga olingan masalalar yechimiga e’tibor qaratildi.
Mazkur masala yuzasidan so‘z olgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi buyurtmachi bo‘lgan va qiymati 60 milliard so‘mni tashkil etadigan Toshkent shahar Turkiston shirkat xo‘jaligi – Qozog‘iston Respublikasi chegarasida, ya’ni Zangiota tumanining Nazarbek qishlog‘idagi avtomobil yo‘lining uchinchi kilometridagi temir yo‘l ostidan tonnel qurilishi uchun 2021-2022 yillarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan mablag‘ ajratilganini, lekin qurilish o‘z vaqtida yakunlanmaganini qayd etdi.
– Shuning uchun bu masalada xalq tomonidan bizga murojaat bo‘lgan va bu Senatning 37-yalpi majlisida muhokama qilingan edi, – dedi Q.Burhonov. — Shundan so‘ng Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi 2023 yil 1 sentyabrga qadar mazkur ob’ektni ishga tushirishga va’da bergan. Masala Senat tomonidan nazoratga olingandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi va Toshkent viloyati hokimi tomonidan ish faollashtirildi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ham bor imkoniyatlaridan foydalandi.
O‘tgan oyda mazkur ob’ektning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xalqqa juda katta muammo tug‘dirgan ushbu masala ijobiy hal qilindi.
Senator buning uchun Vazirlar Mahkamasiga, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga va Toshkent viloyati hokimligiga minnatdorlik bildirdi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA