Parlament quyi palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganilganda muayyan ishlar amalga oshirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Sirdaryo viloyatida har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq bemorlarni tibbiyot muassasalariga yo‘naltirishni yagona elektron platforma orqali amalga oshirish, kafolatlangan paket asosida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish choralari ko‘rib borilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtirilgan 26 milliard 230 million so‘m mablag‘ Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan kafolatlangan paketga muvofiq tibbiy xizmat ko‘rsatganlik uchun to‘lab berilgan.
Nazorat-tahlil davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish borasida o‘z yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, shifoxonalarda kasallik tarixini yuritishni yagona elektron platforma orqali amalga oshirish choralari ko‘rilmagani natijada mazkur shifoxonalar va birlamchi tibbiy muassasalar o‘rtasida integratsiya yo‘lga qo‘yilmagan.
Poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlarining shifokorlari tomonidan bemorni boshqa tibbiyot xodimiga yoki laboratoriya, instrumental tekshiruvlarga yo‘naltirish, o‘z navbatida tekshiruv natijalarini shifokorlarga yuborish tizimi mavjud emas. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida elektron retsept “reimbursatsiya” tizimi ham to‘liq joriy qilinmagan. Mazkur holatlar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish, aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatovga “Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida integratsiyalashgan axborot tizimlari va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA