Yurtimizda aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Paralimpiya sport turlarini har tomonlama rivojlantirish va ommalashtirishga e’tibor kuchaytirildi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida qator hujjatlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2022 ‒ 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturlari qabul qilinib, sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Mazkur dasturlardagi maqsad-vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida, shuningdek, o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari davomida sohada bir qator kamchiliklar borligi aniqlandi.
Jumladan, chekka hududlarda joylashgan mahallalarda imkoniyati cheklangan insonlarni sport va jismoniy tarbiyaga keng jalb etish borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan. Masalan, mahallalarda “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish borasidagi ishlar samarali olib borilmayapti.
Shuningdek, paralimpiya sport turlari bo‘yicha kadrlar, trenerlar yetishmovchiligini bartaraf etish hamda sport inshootlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik yaratish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilanmasdan qolmoqda. Misol uchun, Samarqand viloyatining Urgut tumanida imkoniyati cheklangan yoshlar soni 3000 nafarga yaqin bo‘lsa-da, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida hududda ularni sport turlariga tayyorlash bo‘yicha maxsus murabbiylar yo‘qligi, shuningdek, mavjud sport infratuzilmasining talab darajasida emasligi va zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlanmagani ma’lum bo‘ldi.
Saylovchilardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili respublikamizning aksariyat hududlarida ham oliy ma’lumotli trenerlarga ehtiyoj mavjudligini, ayrim umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarlicha sharoit yaratilmaganini, yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘satmoqda.
Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikromovga “Aholining keng qatlamlari, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sport va jismoniy tarbiya bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA