Prokurorlar qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Keyingi yillarda milliy qonunchilikka prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, uning vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “Ma’muriy sudlarda yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 46-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasidan ko‘zlangan maqsad ham aynan fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini ishonchli himoya qilish darajasini oshirishda prokuratura organlarining mas’uliyati va vakolatini yanada mustahkamlashdan iborat.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasida prokuror barcha ishlar bo‘yicha sud majlisida ishtirok etishga haqliligi belgilangan. Biroq ma’muriy sudlarda ma’muriy organning yer bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda prokurorning ishtiroki majburiy etib belgilanmagan. Sudlar tomonidan esa bunday toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish haqida prokuror xabardor qilinmaydi. Bu jihat mazkur ishlarda prokuror ishtirokini ta’minlashga imkoniyat bermayapti. Shu bois yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarning ko‘rilishida prokurorlarning majburiy ishtirokini qonunchilikda belgilash nazarda tutilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan nizolarni samarali hal qilishga, davlat manfaatlariga zarar yetkazilishining oldi olinishiga, odil sudlovning ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Majlisda deputatlar qonun loyihasini qizg‘in muhokama qilib, qator savollarni o‘rtaga tashladi. Munozaralardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA