Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz siyosiy partiyalarida xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 48 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan. Rahbar lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi 33 foizni tashkil etadi. 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayollar rahbarlik qilmoqda.
Poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari: joriy holat va istiqbol” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish masalalari xususida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi. 10 mingga yaqin mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi. Qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Bosh vazir o‘rinbosari, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bola huquqlari bo‘yicha vakili, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari, Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ayol rahbarlar faoliyat yuritmoqda.
Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 5,7 foizga yetgan. Bugungi kunda 8 nafar vazir o‘rinbosari, 1 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari, 2 nafar agentlik direktori o‘rinbosari lavozimida xotin-qizlar ishlab kelmoqda. Tuman (shahar) hokimlari lavozimida 4 nafar xotin-qizlar (Kattaqo‘rg‘on shahar, Bo‘ston, Olot, Boyovut tumanlari) faoliyat olib bormoqda.
Adliya organlari va muassasalarida 8 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 3 mingga yaqini, ya’ni 38 foizi xotin-qizlardan iborat. Sud tizimida ayni paytda 179 nafar ayol sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu umumiy sudyalarning qariyb 14 foizini tashkil etadi. Ularning 25 nafari rahbarlik lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. 2018 yilda Ichki ishlar organlarida ayollar ko‘rsatkichlari shaxsiy tarkibning 5 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yakuniga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich ikki baravarga oshib, 10,2 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning Isroildagi elchisi hamda O‘zbekiston Respublikasining Italiya va Fransiya davlatlaridagi elchixonalari birinchi kotibi – konsuli lavozimiga diplomat ayollar tayinlangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA