Bugundan maktablarda birinchi sinfga qabul qilish jarayoni boshlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Laylo Rustamova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalarga qulaylik yaratish va qabul jarayonlarini tartibli tashkil etish maqsadida 1-sinfga qabul 2 bosqichda amalga oshiriladi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, 1-bosqich 20 iyundan 31 iyulga qadar maktablarga mahalliy hokimlik qarorlari bilan biriktirilgan mikrohudud doirasida amalga oshiriladi. 2-bosqich 1-15 avgust kunlari mikrohududdan tashqari qo‘shimcha qabul jarayonlari amalga oshiriladi. Bunda, umumta’lim maktablarining o‘quvchi o‘rni, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlangani, sinf xonalarining yetarli ekanligi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Bunda, ota-onalar 20 iyun soat 12:00 dan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin. Qolgan tumanlarda an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktab tomonidan qabul qilinadi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘lganida maktabga qabul qilinadi. Joriy yil 2016 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha tug‘ilgan bolalar birinchi sinf o‘quvchisi bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2023-2024 o‘quv yilida respublikamiz bo‘yicha 730 mingdan ortiq bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA