Xabar berganimizdek, Toshkentda “CAFA Nations Cup 2023″ning “A” guruhi o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.

Kecha, 11 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida musobaqaning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi hamda “CAFA Nations Cup 2023″ning “A” guruhi 1-tur o‘yinida O‘zbekiston milliy terma jamoasi O‘mon jamoasiga qarshi maydonga tushdi.

Terma jamoamizning to‘liq ustunligida o‘tgan uchrashuvning 7 va 24-daqiqalarida Jaloliddin Masharipov va 89-daqiqada Xojiakbar Alijonovning kiritgan gollari natijasida hamyurtlarimiz 3:0 hisobida o‘monliklarni mag‘lub etdi.

Guruhning ikkinchi juftligidagi Tojikiston – Turkmaniston uchrashuvida tomonlar murosa yo‘lini tanladi – 1:1.

Yakunlangan 1-tur o‘yinlaridan keyin O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari “A” guruhda 3 ochko jamg‘argan holda peshqadamlikka erishgan bo‘lsa, Tojikiston va Turkmaniston jamoalari hisobida 1 ochkodan mavjud. “CAFA Nations Cup 2023″ning “A” guruhidagi 2-tur bahslari 14 iyun kuni o‘tkaziladi. Unda O‘mon – Tojikiston va O‘zbekiston – Turkmaniston jamoalari to‘qnash keladi.

Qirg‘izistonda tashkil etilayotgan “CAFA Nations Cup 2023″ning “B” guruhidagi Eron, Qirg‘iziston va Afg‘oniston jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar natijasiga razm solsak, bugungacha guruhdagi bitta uchrashuv o‘tgan bo‘lib, unda Afg‘onistonni 1:0 hisobida yenggan Qirg‘iziston jamoasi 3 ochkoga ega bo‘lib oldi.

“B” guruhidagi navbatdagi Eron – Afg‘oniston uchrashuvi ertaga, 13 iyun kuni tashkil etiladi.

“CAFA Nations Cup 2023″ning guruh o‘yinlari 17 iyungacha o‘tkaziladi. Guruhlarda 1-o‘rinni egallagan jamoalar 1-o‘rin uchun finalda ro‘baro‘ kelsa, 2-o‘rinni egallagan jamoalar yarim finalda 3-o‘rin uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, final va 3-o‘rin uchun bahslar 20 iyun kuni poytaxtimizdagi “Paxtakor” va “Bunyodkor” stadionlarida bo‘lib o‘tadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA