O‘zbek kurashi mamlakatimizda juda sevimli sport turi

Shahrisabzda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnir qizg‘in davom etmoqda. Hayajonga boy bellashuvlar, “Hisor” markaziy stadioniga yig‘ilgan kurash muxlislarining olqishiyu hayqiriqlari o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlagan.
O‘zA muxbiri yurtimizga kelgan xorijlik kurash mutasaddilari va sportchilar bilan suhbatlashdi.
photo5393125004511652110.jpg
Sher Ali Asadiy, Afg‘oniston kurash federatsiyasi bosh kotibi:
– O‘zbekiston va Afg‘oniston madaniyati, milliy qadriyatlari bir-biriga o‘xshash. Shu bois o‘zbek milliy qadriyati – kurash ham Afg‘onistonda juda sevimli sport turi sifatida tobora rivojlanib, ommalashib bormoqda. Biz buyuk Sohibqiron Amir Temurni juda yaxshi bilamiz, qadrlaymiz. Go‘zal va betakror Shahrisabz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan xalqaro turnirda qatnashish baxtiga muyassar bo‘lganimizdan xursandmiz.
photo5393125004511652109.jpg
Emili Krouford, sportchi (Buyuk Britaniya): 
– O‘zbekistonning go‘zal tabiati, betakror tarixiy maskanlari, shaharu qishloqlari, xalqingizning samimiyati va mehmondo‘stligi menda katta taassurot qoldirdi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida namoyish etilgan xalqingizning boy madaniyati, milliy urf-odatlari va qadriyatlarini tomosha qilish katta zavq bag‘ishladi. Yurtingizda kurash bo‘yicha tashkil etilgan musobaqa men uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘tashiga ishonchim komil.
photo5393125004511652111.jpg
Parikshit Kumar, sportchi (Hindiston):
– Xalqaro turnir yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlashni istardim. Xorijiy sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar, muxlislarning stadionni to‘ldirib, qo‘llab-quvvatlab turgani tahsinga loyiq. Men kurash bilan ikki yildan beri shug‘ullanaman. Kurash o‘zining falsafasi va mazmun-mohiyati jihatdan boshqa yakkakurash turlaridan farq qiladi. Kurashda halollik, bag‘rikenglik tamoyillariga qat’iy rioya qilinadi. Hindistonda o‘tgan Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan edim, Shahrisabzdagi nufuzli xalqaro turnirda ham sovrinli o‘rinni egallashni niyat qilyapman.

 

Bayram Aytmurodov, O‘zA