Bosh vazir Rishi Sunak Vashingtonga bo‘lajak tashrifi chog‘ida AQSH Prezidenti Jo Baydenni Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles NATO Bosh kotibi lavozimini egallashida qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘ndirishga urinishi mumkin, deb yozdi “Telegraph” gazetasi.

Avvalroq “The Times” Sunak va Bayden 7-8 iyun kunlari Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ayni mavzuda suhbatlashishini yozib chiqqan edi.

Sunak Xirosimada o‘tgan “G7” sammitida ham Uollesni Shimoliy Atlantika alyansi rahbarligiga tayinlash masalasini ko‘targan, deyiladi nashr xabarida.

May oyida “DPA” agentligiga intervyu bergan Uolles mazkur vazifaga tayinlanishidan manfaatdor ekanini ma’lum qilgan. NATOning amaldagi Bosh kotibi Yens Stoltenberg 2022 yil 1 oktyabrda lavozimini tark etishi lozim edi. Ukraina atrofidagi ziddiyat tufayli Alyansga a’zo mamlakatlar yetakchilari uning mandatini 2023 yil 30 sentyabrgacha cho‘zish to‘g‘risida qaror chiqargan.