Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining 34-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida “Mening fikrim” veb-portali taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

“Mening fikrim” veb-portali konsepsiyasini ishlab chiqishda uning qulay va sodda tartibda ishlashi ustida ko‘plab izlanishlar olib borildi. Bunda 10 dan ziyod ilg‘or xorijiy davlatning tajribasi o‘rganilgan.

“Mening fikrim” veb-portali konsepsiyasi joriy yilning 15 fevralida keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilganligi, unda nafaqat Oliy Majlis deputatlari, balki elektron jamoaviy murojaatlarni tuman miqyosida ko‘rib chiqishga vakolatli xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari ham ishtirok etganligi veb-portalning yanada puxta va tushunarli bo‘lishida muhim omil bo‘lganligi ta’kidlandi.

Joriy yil 13 aprel kuni “Mening fikrim” veb-portali loyihasi germaniyalik ekspertlar tomonidan xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi.

“Mening fikrim” veb-portali mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligi, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samarali bo‘lishini ta’minlash borasida ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Ushbu veb-portalning imkoniyatlaridan keng foydalanish kelgusida qonunlarning ijtimoiy munosabatlarga moslashuvchanligini ta’minlash, ularning sifat jihatidan takomillashuviga xizmat qiladi.

Portal o‘zbek va rus tillarida faoliyat yuritadi. Asosiy sahifada “Barcha murojaatlar”, «Bu qanday amalga oshiriladi?», «Yangiliklar», «Portal haqida», «Ko‘p beriladigan savollar» kabi ruknlar mavjud. Veb-portalda murojaat qoldirish uchun shaxs O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi talab etiladi. Murojaat qoldirish uchun fuqaro portaldagi Yagona identifikatsiya tizimi orqali pasport raqamini kiritadi. Doimiy foydalanish uchun shaxsiy kabinetiga ega bo‘ladi.

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari muntazam ravishda portalning faoliyati va murojaatlarning holati haqida xabardor qilib boriladi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA