O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining mineral o‘g‘itlar kimyosi guruhirahbariSali Bauatdinov yer osti boyliklaridan mineral o‘g‘it olishning 3 texnologiyasini ixtiro qilgan edi.
Olim ushbu ixtirolar haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Ushbu mineral o‘g‘itlar Qoraqalpog‘iston zaminida mavjud bo‘lgan fosforit, glaukonit, bentonit kabi yer osti boyliklaridan olinadi, – deydi S.Bauatdinov. – Birinchi ixtiro – fosforitdan o‘g‘it olishdir. Qoraqalpog‘istondagi fosforitlar yurtimizdagi boshqa fosforitlardan (Qizilqum, Gulyob) fizik-kimyoviy jihatdan farq qiladi. Qoraqalpog‘iston zaminidagi fosforitlarni paydo etuvchi kristallar bir-biri bilan joylashuvi bo‘shligi, tuproqda sekin eruvchanligi ilmiy jihatdan isbotlangan.
Qoraqalpog‘iston fosforitlari asosan suvda erimaydigan o‘rtacha tuzlardan tashkil topgan. Shuning uchun o‘simliklar undagi fosforni juda qiyinchilik bilan o‘zlashtiradi (achchiq tuproq sharoitlaridan tashqari). Tadqiqot natijasiga ko‘ra, chig‘anoqli fosforitlarni fosforit uni shaklida bevosita tuproqqa solish mumkinligi aniqlandi. Undan qishloq xo‘jaligida o‘rtacha sho‘rlangan tuproqda foydalansa bo‘ladi. Samaradorligi oddiy superfosfatdan qolishmaydi. Demak, mahalliy yangi mineral o‘g‘it paydo bo‘ldi.
Mineral o‘g‘it kimyoviy nomi bo‘yicha – tuz. Kislotaliligi 3-4 foiz ko‘rsatkichga ega bo‘lgan mineral o‘g‘it yerni sho‘rlanishiga olib keladi. Agar mineral o‘g‘itlar bilan fosforitni aralashtirsa (aralashma tayyorlansa) undan olingan mineral o‘g‘itning kislotaliligi kamayadi, yerning sho‘rlanish darajasi ham pasayadi. O‘simlikning mineral o‘g‘it olish koeffitsiyenti oshadi.
Ikkinchi ixtiro – glaukonit o‘g‘itidir. Qoraqalpog‘istonda glaukonit minerali keng tarqalgan. Glaukonit mineralida o‘simlik uchun kerakli bo‘lgan kaliy oksidi, bizning keyingi aniqlashimiz bo‘yicha, 30 dan ortiq makro-mikro elementlar mavjud. Bu kimyoviy moddalarning ko‘pchiligi oksid holida ekani isbotlanmoqda. Bu elementlar tuproqda yaxshi erishi tajribalar davomida aniqlanayotir.
Glaukonitdan olinadigan mineral o‘g‘itning foydasi katta. Birinchidan, mineral o‘g‘it ekologik ahvolning yaxshilanishiga olib keladi. Dalalarga berilayotgan fosfor o‘g‘iti sarfini 40-50 foiz, azotni 20-30 foiz, kaliy o‘g‘itini 70-80 foizga kamaytiradi, asosiysi, mablag‘ tejaladi. Ikkinchidan, o‘simlikning vegetatsiya davrida tuproq namligini uch oy davomida 70-75 foizga ushlab turadi, tuproq tarkibini yaxshilaydi. Glaukonit tabiiy o‘g‘it – tuproqni kaliy o‘g‘iti bilan boyitadi va uning tarkibini yaxshilaydi. O‘simlik rivojlanishini tezlashtiradi, turli kasalliklardan himoya qiladi. Kimyoviy zaharli elementlarni o‘ziga so‘rib oladi, tuproqni tozalaydi. Yerdagi gumus (chirindi)miqdorini oshiradi.
Gumus tarkibida 5 foiz azot, 20-30 foiz fosfor, 70-80 foiz oltingugurt bo‘ladi. Glaukonitda va undan olinadigan o‘g‘itlarda bizning ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mis, sink, kobalt, vanadiy, bor kabi makro-mikro elementlar borligi aniqlandi. Agar ular yetishmasa, o‘simlik yaxshi rivojlanmaydi, yaxshi hosil bermaydi, ekologik jarayonlarga chidamsiz bo‘ladi.
2016-yilda O‘zbekiston FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi qoshida soatiga 400-500 kilogramm boyitilgan glaukonit ishlab chiqarish quvvatiga ega maxsus sex ishga tushirildi. 25 tonnaga yaqin glaukofos, glaukokaliy o‘g‘itlari 21 fermer xo‘jaligiga tajriba sifatida berildi. Natijada paxta hosildorligi kutilganidan ham yuqoribo‘ldi.
Uchinchi ixtiro yerning meliorativ holatini yaxshilaydigan bentonitdir. Keyingi yillarda Orol dengizi tubidan ko‘p miqdordagi tuzlar shamol bilan yurtimiz viloyatlariga keng tarqalmoqda. Tuproq sho‘rlanishi mineral o‘g‘itning foydalilik darajasini kamaytiradi. Paxta hosildorligi oz sho‘rlangan yerlarda 10-15 foizga, o‘rtacha sho‘rlangan yerlarda 50 foizga, kuchli sho‘rlangan yerlarda 75 foizgacha kamayadi.
Ana shu yerning sho‘rlanishiga qarshi kurashadigan yangi ixtiro bu – bentonitdir.
Qoraqalpog‘iston hududida keng tarqalgan bentonit yerning meliorativva fizik-kimyoviy xususiyatini yaxshilaydi, hosildorlikni oshiradi. Agar nanbar (kompost) sifatida foydalanilsa, o‘simlik rivojiga ta’siri yuqori bo‘ladi. Masalan, 7-10 tonna go‘ngga 5-6 tonna bentonit aralashtirilib nanbar qilinsa, paxta hosildorligi 4-5 sentnerga oshib, vegetatsiya davri qisqaradi. Bentonit tarkibida tez singib ketadigan 30 ga yaqin makro-mikro elementlar bor. Bentonit yer namligini saqlaydi.
Qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilayotgan mineral o‘g‘itlardan ammofos, superfosfat, ammofosfat va boshqa tarkibiy azotli-fosforli o‘g‘itlar bugungi zamon talabiga javob bermaydi. Ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlarning qishloq xo‘jaligi ekinlariga fizik-kimyoviy ta’siri past, ya’ni tuproq miqdorida tez erib ketadi, foydalilik darajasi kam. Dunyo olimlari qishloq xo‘jaligi ekinlariga har yili mineral o‘g‘itlar berish yerning sho‘rlanishi va atmosferaning, iqlimning o‘zgarishiga katta ta’sir ko‘rsatishini ilmiy jihatdan isbotlamoqda. Qishloq xo‘jaligidagi uzluksiz kimyolashtirish va mineral o‘g‘itlardan uzluksiz tarzda foydalanish oqibatida atmosferada karbonat angidrid gazi, metan va azot gazlari yig‘ilmoqda, tuproqning suvsizlanish jarayoni oshmoqda.
Ma’lumot uchun, fanda qayd qilinishicha, 1960-yillardan buyon Qoraqalpog‘istonda 1 gektar yerga har yili 550 kilogram, ayrim joylarda 1 tonna tuz tushadi. Bu tuzlar Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilgan zaharli chang-to‘zonlardir.
Ushbu o‘g‘itlar ishlab chiqarishga keng joriy etilsa, mamlakatimizga millionlab mablag‘ sarflab xorijdan import qilinayotgan o‘g‘itlar hajmi keskin kamayadi. Shu bilan birga, eng muhimi, ekologiyani yaxshilash, yerning unumdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.